Joriy yilning birinchi choragida O'zbekiston iqtisodiyoti 7,5 foizga o'sdi

21.04.2014

     2014 yil  18 aprel kuni  O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokamasi va shu yil 17 yanvarda respublika Hukumatining majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvorliklarini amalga oshirishni baholashga bag'ishlangan majlisi bo'lib o'tdi.
     Unda  barqaror iqtisodiyot o'sish sur'atlari, buning  uchun eng avvalo investitsiya iqlimi va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash, ishlab chiqarishlarni texnologik jihatdan yangilash,   shuningdek,  mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash va infratuzilmani rivojlantirish hisobiga mavjud zaxiralar va imkoniyatlarni safarbar qilishga qaratilgan iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiyalashning qabul qilingan strategiyasini amalga oshirish  natijalari har tomonlama ko'rib chiqildi va tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, aholi bandligi va farovonligi darajasini yanada oshirish masalalari  yig'ilish kun tartibidan o'rin oldi.
     Jahon iqtisodiyotida  muammolar va  turli xatarlar  kuzatilayotgan bir sharoitda    O'zbekistonda iqtisodiy o'sishning barqaror sur'atlari saqlab  qolinib, mamlakat iqtisodiyot sektorlarini  modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash ishlari  yanada chuqurlashtirildi. Buning saramasi o'laroq,  shu yilning birinchi choragida mamlakat Yalpi ichki mahsuloti 7,5 foizga,  sanoat mahsulotini ishlab chiqarish 8,9 foizga, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2 foizga, xizmatlar ko'rsatish 11,8 foizga o'sdi. Davlat byudjeti Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz  profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi.
     Sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, ichki talabni rag'batlantirish va mahalliy  bozorni yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlar bilan  to'ldirish  bo'yicha amalgan oshirilgan chora-tadbirlar natijasida iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12,8 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi 14,3 foizga va xizmatlar ko'rsatish hajmi 9,1 foizga ko'paydi. Sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida iste'mol mahsulotlari ulushi 2013 yilning birinchi choragidagi  29,5 foiz o'rniga 34,4 foizgacha ko'paydi.
     Yig'ilishda keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, jismonan sog'lom, ma'nan yetuk va barkamol o'sib kelayotgan avlodni voyaga yetkazish bo'yicha "Sog'lom bola yili" Davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalrani amalga oshirish ishlari boshlandi. Unda nazarda tutilgan tadbirlarni   moliyalashtirishga shu yilning  birinchi choragida barcha manbalar hisobiga qariyb 1 trillion so'm miqdorida mablag' yo'naltirildi.

UzReport 21.04.2014






So`nggi yangiliklardan xabardor boling

Haftasiga bir martta xabar yuboramiz, va hech qanday spamlarsiz