Imtiyozli kreditlar ajratish orqali kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga e'tibor qaratilmoqda

11.10.2014

Xorijiy va milliy valyutada imtiyozli kreditlar ajratish yo'li orqali kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash doimo O'zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib kelgan. Bank tomonidan taqdim etiluvchi kreditlar yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkonini yaratuvchi eng zamonaviy uskunalar va texnologiyalarni xarid qilishga yo'naltirilgan. Shu tariqa, joriy yilning 9 oyi davomida bank tomonidan so'm ekvivalentida qariyb 2,5 trln.ga teng kreditlar ajratildi.

Ma'lumki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarining asosiy moliyaviy manbai shaxsiy mablag'lar yoki jalb etilgan pul vositalari, ya'ni bank mablag'lari hisoblanadi. Hozirda O'zbekiston Milliy banki kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni olib kiruvchi asosiy o'zan sifatida xizmat qilmoqda. Butun faoliyati davomida bank tomonidan Osiyo Taraqqiyot  Banki, Xalqaro Moliyaviy Korporatsiyalar, OPEK Fondi, Islom Taraqqiyot Banki, Koreya Eksimbanki va Xitoy Davlat Taraqqiyot Bankining  kredit yo'nalishlari doirasida qator loyihalar moliyalashtirildi. Xorijiy kredit liniyalari hisobiga loyihalarni moliyalashtirishdan tashqari, Milliy bank byudjetdan tashqari va shaxsiy mablag'lari hisobiga milliy valyutadagi kredit faoliyatini amalga oshiradi.

Ta'kidlash joizki, Milliy bank kichik biznesni qo'llash orqali mahalliy iqtisodiyotning ko'plab sohalarini qamrab oladi. Yengil, oziq-ovqat, kimyo sanoatlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo'jaligi, xizmat ko'rsatish sohasi kabi yo'nalishlar shular jumlasidandir. Joriy yil davomida loyihalarni moliyalashtirish uchun Toshkent viloyati filiallariga yo'naltirilgan kredit mablag'larining umumiy xajmi 79 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Ayni paytda, mamlakatning barcha iqtisodiy ahamiyatga molik hududlarida joylashgan 90 dan ortiq filiallari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillariga keng ko'lamli xizmatlarni taqdim qiladi. Milliy bankning Toshkent viloyatidagi filiali ham shular qatoriga kiradi.

Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, 2004 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Parkent” MCHJ ishchilar uchun maxsus liboslarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Milliy bankning Toshkent viloyati bo'limi tomonidan ajratilgan kredit evaziga, Xitoyning HONREY firmasining tikuv mashinalari hamda trikotaj to'qish uskunasi xarid qilindi. Korxona mazkur uskuna yordamida ishlab chiqariluvchi mahsulot ko'lamini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, olingan kredit mablag'lari tufayli 100 ta yangi ish o'rni yaratildi. Qo'shimcha qilish joizki, yil boshidan beri korxona tomonidan chiqarilgan mahsulot hajmi 2 mlrd so'mni tashkil qildi.

 

UzReport






So`nggi yangiliklardan xabardor boling

Haftasiga bir martta xabar yuboramiz, va hech qanday spamlarsiz