Foyda solig'i bo'yicha soliq imtiyozlarini qo'llash tartibiga oid Nizom tasdiqlandi

06.10.2015

O'zbekiston Respublikasi  Moliya vazirligi,  Markaziy bank boshqaruvi hamda  Davlat soliq  qo'mitasi qarori bilan  “Tijorat banklari tomonidan kredit portfeli tarkibida uzoq muddatli investitsiyaviy moliyalashning ulushiga qarab yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i bo'yicha soliq imtiyozlarini qo'llash tartibi to'g'risida”gi Nizom tasdiqlandi.

 Ushbu nizomga muvofiq, tijorat banklari tomonidan  2020-yilning 1-yanvariga qadar kredit portfeli tarkibida uzoq muddatli investitsiyaviy moliyalashning ulushiga qarab  tabaqalashtirilgan stavkalar bo'yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i to'lanadi.

Uzoq muddatli investitsiyaviy moliyalash — uch yildan kam bo'lmagan muddatga beriladigan investitsiyaviy kreditlar va lizing xizmatlari, shu jumladan  ishlab chiqarish korxonalari negizida tashkil etiladigan kompaniyalar aktivlariga banklar tomonidan  yo'naltiriladigan mablag'  nazarda tutiladi.

Nizomda   imtiyozlarni qo'llash tartibi belgilangan. Unga ko'ra,  mustaqil soliq to'lovchi bo'lgan filiallar uzoq muddatli investitsiyaviy moliyalashning ulushini mustaqil ravishda aniqlashadi. 

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i stavkasi kredit portfeli tarkibida uzoq muddatli investitsiyaviy moliyalashning ulushiga qarab tabaqalashtiriladi.  Jumladan,  moliyalash  35 foizdan 40 foizgacha bo'lganda  uning stavkasi   belgilangan stavkaning 80 foizi,  40 foizdan 50 foizgacha bo'lganda 75 foizi,  50 foizdan yuqori bo'lganda   70 foizini tashkil etadi.

Oldindan uch yildan kam bo'lmagan muddatga berilgan investitsiyaviy kredit yoki lizing bo'yicha xizmatlar  muddatidan ilgari so'ndirilgan taqdirda, ushbu Nizom maqsadlari uchun mazkur kredit yoki lizing bo'yicha xizmatlar uzoq muddatli  investitsiya sifatida  baholanadi.

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'ining imtiyozli stavkasi Soliq kodeksining 128-moddasiga asosan  yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i bo'yicha soliq solinadigan bazaga nisbatan qo'llaniladi. Imtiyozlarni qo'llash uchun tijorat banklari davlat soliq xizmati organlariga hisobot yili yakuni bo'yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig'i hisob-kitoblarini taqdim qilish bilan bir vaqtda kredit portfeli tarkibida uzoq muddatli investitsiyaviy moliyalashning ulushi hisob-kitobi  bo'yicha  ma'lumotnomani taqdim qiladi. Soliq imtiyozlarining to'g'ri qo'llanishi ustidan nazoratni  davlat soliq xizmati organlari amalga oshiradi.

 

Uzreport






So`nggi yangiliklardan xabardor boling

Haftasiga bir martta xabar yuboramiz, va hech qanday spamlarsiz