9 oy yakunlari bo'yicha O'zbekiston iqtisodiyoti 8% ga o'sdi

20.10.2015

2015-yil 19-oktabrda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan shu yil 16-yanvarda respublika Hukumatining majlisida belgilab berilgan 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini tahlil qilishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda mamlakatni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda islohotlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni tarkibiy qayta o‘zgartirish, sanoat tarmoqlarini texnik yangilash va diversifikatsiyalash, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shu asosda mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari har tomonlama ko‘rib chiqildi va chuqur tahlil qilindi. Aholi bandligini ta’minlash, odamlarning farovonligini, turmushi sifati va darajasini oshirish masalalari ham majlis qatnashchilarining diqqat-e’tibori markazida bo‘ldi.

Bugungi kunda butun jahonda rivojlanishning “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etilgan mashhur besh tamoyilga asoslangan chuqur va puxta o‘ylangan strategiyani izchil va aniq maqsadni ko‘zlab amalga oshirish tufayli jahonda davom etayotgan iqtisodiy inqirozga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlanayotganligi qayd etildi. Mamlakatimiz bugungi kunda iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlar orasida jahonda beshinchi o‘rinni egallab turganligi va bu xalqaro hamjamiyat va xalqaro moliya institutlari tomonidan munosib ravishda yuqori baholanmoqda. Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8,0 foizga o‘sdi. Davlat byudjeti profitsit bilan ijro etildi. Inflatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi.

Ayniqsa, qishloq joylarda mahalliy iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni, xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ichki talabni muvozanatli rag‘batlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilishini davom ettirish iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlari – 10,1 foizga, chakana tovar aylanmasi – 15,0 foizga va xizmatlar ko‘rsatish – 12,9 foizga o‘sishiga ko‘maklashdi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmlari o‘sishi 6,6 foizga ta’minlandi. Joriy yildagi noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay, dehqonlarning fidokorona mehnati va omilkorligi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mo‘l hosili yetishtirildi va yig‘ib olindi. Qishloqning qiyofasini tubdan yaxshilash choralari faol amalga oshirilmoqda, yangi qishloq massivlari qurilishida zamonaviy namunaviy loyihalar bo‘yicha 9,3 mingta yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi.

Xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlar dasturini izchil amalga oshirish kichik biznesning 21,4 mingta, yoki 2014-yilning shu davridagiga qaraganda 6,0 foiz ko‘p yangi subyektini tashkil etishga ko‘maklashdi. Kichik biznes subyektlariga davlat mulkining 17,8 mingta foydalanilmayotgan obyektlari ijaraga berildi, umumiy summasi 9,6 trillion so‘m bank kreditlari va mikrokreditlar ajratildi. Natijada sanoat ishlab chiqarishida, investitsiyalarda, eksportda va aholi bandligida kichik biznesning ulushi va roli uzluksiz o‘sishi ta’minlanmoqda.

Aholi turmushi sifati va darajasini yanada oshirish yo‘li davom ettirildi. 748,7 mingta yangi ish o‘rinlari, shu jumladan, qishloq joylarda 451,6 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Joriy yilning 1-sentabridan boshlab byudjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdorlari 1,1 marotaba oshirildi. "Keksalarni e’zozlash yili" Davlat dasturi doirasida keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish tadbirlarini amalga oshirish davom ettirilmoqda, ushbu tadbirlarni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 2,0 trillion so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirildi.

Majlisning kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida 2015-yilda sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning prognoz parametrlariga va uni diversifikatsiyalashga so‘zsiz erishishni ta’minlash, shuningdek, 2016-yilda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, diversifikatsiyalash va modernizatsiyalash borasida ko‘rilayotgan dasturiy chora-tadbirlar sanoat ishlab chiqarishi hajmlarining 7,3 foizga o‘sishini ta’minlaganligi qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oldiga joriy yil yakunlari bo‘yicha sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning prognoz parametrlariga erishishni ta’minlaydigan barcha mavjud manbalarni va o‘sish rezervlarini safarbar etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi. Boshqaruv tizimi samaradorligini, eng avvalo, korporativ boshqaruv samaradorligini oshirishda mamlakatimiz Prezidentining qarori bilan tashkil etilgan Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markaziga muhim o‘rin yuklanganligi qayd etildi.

“Buyurtmalar portfeli” o‘z vaqtida shakllantirilishi, 2016-yil ishlab chiqarishining prognozlashtirilayotgan hajmlari uchun xomashyo va materiallarni, eng avvalo IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini o‘tkazish davomida xarid qilishga shartnomalar tuzish, shuningdek, XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida tuzilgan shartnomalarni amalga oshirishda xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi belgilandi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining e’tibori mamlakat Prezidenti tomonidan joriy yil sentabr oyida Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashrif davomida belgilab berilgan vazifalarni hisobga olgan holda 2016-2019-yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligiga qaratildi.

Majlisda 2015-yilning eng muhim obyektlarini ishga tushirishni ta’minlash, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash bo‘yicha 2016-2019-yillarda nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishni boshlashni jadallashtirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijalari chuqur va batafsil tahlil qilindi. Faol investitsiya siyosati olib borilishi va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, zamonaviy infratuzilmani barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 9,9 foizga, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish 7,4 foizga o‘sishini ta’minlaganligi qayd etildi. 3 440 ta yangi obyektlar foydalanishga topshirildi, yuqori texnologik va zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha 76 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi. O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlari bo‘yicha 1,0 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi.

Ushbu masalani muhokama qilish davomida ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va orqada qolishlar uchun bir qator xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlarining faoliyati tanqid qilindi. Ular oldiga qoloqlikning o‘rnini to‘ldirish va amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari bo‘yicha obyektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirishni ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi, shuningdek, ularning shaxsiy javobgarligi choralari belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi komplekslari, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi rahbarlariga joriy yilning sentabr oyida tashkil etilgan Yangidan qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ishlab chiqarish quvvatlari loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini, texnika va texnologiyalarni ekspert baholash agentligining ishini jadal tashkil etish va uning bundan buyon samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.

Majlisda eksportning prognoz parametrlariga erishishni so‘zsiz ta’minlash, eksportga yetkazib berish turlarini ko‘paytirish va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha mavjud rezervlarni eng ko‘p darajada safarbar etish, shuningdek, eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun tarmoqlar va hududlar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish masalalariga jiddiy e’tibor berildi. Jahon bozorlaridagi noqulay kon’yunkturaga qaramay, iqtisodiyot tarmoqlarining eksport salohiyatini rag‘batlantirish va eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar tashqi savdo aylanmasida ijobiy saldo tendensiyalari saqlanib qolishini ta’minlash imkonini berganligi alohida ta’kidlandi. Yil boshidan boshlab oldin o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan 830 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etildi.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalarga, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga eksportga yetkazib berish hajmlarini yanada ko‘paytirishga va turlarini kengaytirishga, mamlakatimiz eksport qiluvchilarining an’anaviy tashqi bozorlardagi mavqeini mustahkamlashga va yangi bozorlarni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi.

Vazirlar Mahkamasi majlisida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar rahbarlarining iqtisodiyot tarmoqlari, turar joy fondi, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini kuz-qish davriga tayyorlash, shuningdek, bo‘lajak kuz-qish davriga meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshka g‘amlash ishlarini tugallash to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.

Ushbu masalani muhokama qilish davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, “O‘ztransgaz” kompaniyasi, “O‘zbekenergo”, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, bir qancha vazirliklar va idoralar rahbarlarining e’tibori iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va turar joy fondi obyektlarining 2015-2016-yillar kuz-qish davriga tayyorligi va barqaror faoliyat ko‘rsatishi, shu jumladan, gaz-transport va energiya bilan ta’minlaydigan obyektlar barqaror ishlashini, tabiiy gaz, ko‘mir va elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash uchun ular shaxsan mas’ul ekanligiga qaratildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy turlari va kartoshkani zarur hajmlarda g‘amlashni tugallashni jadallashtirish, shuningdek, ularning qish-bahor davrida talabni va narxlar kon’yunkturasini hisobga olgan holda, ichki bozorda narxlarning asossiz ravishda keskin o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan aholiga sotish uchun savdoga tizimli qo‘yilishini ta’minlash topshirildi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi komplekslari, respublika vazirliklari, idoralari, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va viloyatlar hokimliklari rahbarlari so‘zga chiqdilar. Respublika Hukumati majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, ularda 2015-yilgi iqtisodiy dasturning muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirishni so‘zsiz ta’minlash va kelgusi yilda respublika iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun ishonchli kafolatlar yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

 

UzReport






So`nggi yangiliklardan xabardor boling

Haftasiga bir martta xabar yuboramiz, va hech qanday spamlarsiz