2014 yil O'zbekistonda band bo'lgan aholi soni 2,5 % ga oshadi
18.12.2013
3207
UzReport 18.12.2013
Xalqaro Mehnat Tashkiloti(XMT) ma'lumotlariga qaraganda, ro'y bergan global moliyaviy inqiroz oqibatida jahonda ishsizlar soni 27 mln. kishiga ko'paydi. Keyingi 5 yil davomida yoshlar o'rtasida ishsizlik har yili 800 ming kishiga oshib bormoqda. Bandlik masalalari bilan bog'liq shu va boshqa faktorlarni hisobga olgan holda kelgusi yillarda dunyo mehnat bozorida 600 mln. ish o'rinlarini yaratilishi zarur. Shundan 40 mln. ga yaqini birinchi marotaba mehnat bozoriga kirib kelayotganlar uchun mo'ljallangan. O'zbekistonda kelgusi yili ish o'rinlarini tashkil etish va aholini ish bilan ta'minlash dasturining tasdiqlangan parametrlariga muvofiq, 983,6 mingta yangi ish o'rinlarini tashkil etish ko'zda tutilmoqda.
Mamlakatiimzda ish o'rinlariga bo'lgan ehtiyoj mehnat bozoriga birinchi marotaba kirib kelayotgan yoshlar,ya'ni ta'lim muassasalari bitiruvchilari hamda ish bilan ta'minlanishga muxtoj band bo'lmagan aholi hisobiga shakllanadi. Shulardan kelib chiqib, 2014 yilda ish o'rinlariga bo'lgan ehtiyoj parametrlari demografik va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish omillari asosida aniqlandi. Unga ko'ra, kelgusi yili demografik omillarning mehnat bozoriga bevosita ta'siri saqlanib qolinadi. Prognoz qilinayotgan mehnat resurslarining o'rtacha yillik soni 18,2 mln. kishini tashkil qiladi. Band bo'lganlar soni esa 2,5 % ga o'sishi nazarda tutilgan.
Yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishi va band bo'lmagan aholi hisobiga ish o'rinlariga talab ayniqsa, Andijon ( 116,9 ming yoki umumiy ehtiyojning 9,6 %), Qashqadaryo (106,9 ming yoki 8,8%), Samarqand (132,3 ming yoki 10,8 %), Farg'ona (128,6 ming yoki 10,5%) va Namangan (97,3 ming yoki 8,0%) viloyatlarida bo'lishi kutilmoqda.
Shularni inobatga olgan holda dasturga muvofiq, kelgusi yil ish o'rinlari Samarqand (94,3 ming), Farg'ona (92,7 ming ), Qashqadaryo (88,9 ming), Toshkent (87,0 ming), Andijon (79,6 ming), Namangan (75,2 ming),Buxoro ( 73,8 ming) viloyatlari va Toshkent shahrida (91,0 ming) yaratiladi. Mehnat bilan bandlikning ehtiyojidan kelib chiqib shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasida (49,8 ming), Jizzax (44,0 ming), Navoiy (41,0 ming), Surxondaryo (66,1 ming), Sirdaryo (40,1 ming), Xorazm (60,2 ming) viloyatlarida tashkil etiladi. Shunisi e'tiborliki, ish o'rinlarining 500 mingga yaqini ta'lim muassasalari bitiruvchilari ulushiga to'g'ri keladi.