Ijtimoiy tarmoq kanallari orqali bo’lgan murojaatga MUNOSABAT
14.08.2021
1332
Joriy yilning 7 avgust sanasida “Ulugbek Ashur” YouTube kanalida “O’zmilliybank” AJ Navoiy viloyati filiali tomonidan «Yangi Obod Yosh Tadbirkor» MChJ uchun ajratilgan kredit haqida joylashtirilgan murojaatga munosabat.
“O’zmilliybank” AJ Navoiy viloyati filialiga «Yangi Obod Yosh Tadbirkor» MChJ 2018 yil 6 dekabrda 6-sonli arizasi bilan «Issiqxona binosini qurish» loyihasini amalga oshirish maqsadida 3 yil muddatga
130 mln. so’m kredit so’rab murojaat qilgan.
Ushbu loyiha bo’yicha kredit shartnomasi imzolangan va kredit mablag’lari yetkazib beruvchilarga issiqxonani qurish materiallari, metall trubalar sotib olish uchun o’tkazilgan.
Kredit mablag’i ajratilgandan bugungi kunga qadar mijoz tomonidan kredit qarzdorligi muntazam ravishda belgilangan muddatlarda to’lanmagan.
Bank tomonidan «Yangi Obod Yosh Tadbirkor» MChJ bir necha marotaba og’zaki va yozma ogohlantirishlarga qaramasdan, kreditning muddati o’tgan qismi so’ndirilmagan.
Shundan so’ng, bank tomonidan Da'vo arizasi bilan Karmana tumanlararo Iqtisodiy sudiga murojaat qilingan. Sud tomonidan 2020 yil 3 iyulda Hal qiluv qarori bank foydasiga chiqarilgan. Sudning 4-2101-2004/660-sonli ishi bo’yicha Ijro varaqasi chiqarilib, ijro ishlari qo’zg’atilgan.
Shunday bo’lsada, issiqxonalarda mahsulot yetishtirishning o’ziga xos jihatlarini hamda pandemiya holatini hisobga olib mijozga qo’shimcha muddat berib qulaylik yaratish maqsadida, kredit qarzdorligini undirish bo’yicha ijro harakatlari 2021 yil 1 avgustiga qadar (mahsulot yetishib chiqqunicha) kechiktirilib turilgan.
Murojaatda qayd qilib o’tilgan ikkinchi bosqichda kredit olish uchun mijoz tomonidan yetarli miqdorda garov ta'minotlari taqdim qilinmagan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi PF-5466-sonli Farmoniga asosan “Yoshlar kelajagimiz” dasturi doirasida ajratiladigan kreditlar resurslari taqsimoti bo’yicha Navoiy viloyatida O’zmilliybank Zarafshon shahri, Uchquduq va Qiziltepa tumanlari tadbirkorlari uchun ma'sul qilib belgilangan.
Shu bilan birga, tadbirkorning so’zlarida keltirib o’tilgan holat, ya'ni bank xodimlari tomonidan tadbirkorga kredit mablag’larini ajratishda ta'magirlik holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilish huquqidan foydalanishi mumkinligini bildirib o’tamiz.
“O’zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati