O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida boj to'lovlariga tortilmaydigan mahsulotlar ro'yxati tayyorlanmoqda
30.07.2014
2166
Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Bayar Abayev boshchiligidagi Turkmaniston delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkentda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha o'ninchi O'zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo kommisiyasi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston tomonidan komissiya hamraisi, O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G'aniyev ta'kidlaganidek, Turkmaniston bugungi kunda O'zbekistonning muhim va ishonchli hamkorlaridan biri sanaladi. Ikki davlat o'rtasidagi aloqalar yaqin qo'shnichilik, hurmat va o'zaro manfaatlar asosida rivojlanib bormoqda. Komissiya yig'ilishida berilgan ma'lumotlarga ko'ra, hozirda O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllangan. Tomonlar o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik asosini "Uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlik yo'nalishlari to'g'risida"gi, "Sarmoyalarni o'zaro rag'batlantirish va himoya qilish to'g'risida"gi, "Ikki tomonlama soliqqa tortish hamda daromad va mol-mulk soliqlar to'lashdan bo'yin tovlashning oldini to'g'risida"gi bitimlar, shuningdek "O'zaro tovar yetkazish to'g'risida"gi Hukumatlararo shartnoma va 2013-2017 yillarga iqtisodiy hamkorlik Dasturi tashkil etadi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning 2013 yilda mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifi chog'ida turli sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan 7 ta hujjat imzolanib, ular bugungi kunda amalga tatbiq etilgan. Davlatimiz rahbarining qo'shni mamlakatga amalga oshiradigan navbatdagi tashrifi oldidan aloqalarning bugungi holatini chuqur tahlil qilish, ikki davlat manfaatlariga mos keladigan loyihalarni ishlab chiqish ushbu komissiya oldiga qo'yilgan asosiy vazifalardandir.
Ma'lumki, savdo-iqtisodiy aloqalar o'zbek-turkman sherikchiligining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Shu yilning birinchi yarmida ikki mamlakat o'rtasidagi tovar ayrboshlash hajmi 145,0 million AQSh dollarini tashkil etib, shundan 128,4 millioni eksport, 16,6 million dollar import ulushiga to'g'ri keldi. O'zbekistondan Turkmanistonga asosan mineral o'g'itlar, qurilish materiallari, meva-sabzavot mahsulotlari, elektr va mexanik uskunalar, transport vositalari, qora va rangli metalldan ishlangan buyumlar hamda xizmatlar eksport qilinayotgan bo'lsa, o'z navbatida neft mahsulotlari, propilen polimerlari va sulfat kislotasi kabilar import sifatida olib kelinmoqda.
- Ikki davlat o'rtasidagi savdo-sotiq aloqalarida ijobiy dinamika kuzatilmoqda, deydi Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Bayar Abayev. - Xususan, 2014 yilning dastlabki 6 oyida o'zaro mahsulot ayrboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Tovar aylanmasi bo'yicha O'zbekiston hozirda Turkmanistonning eng yirik 20 ta savdo hamkori qatorida turibdi. Bu esa o'zaro munosabatlar yuksak salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.
Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda mamlakatimizda Turkmaniston sarmoyasi ishtirokida 7 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning bittasi 100 foiz xorijiy sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Ushbu korxonalarning asosiy faoliyati qurilish mollari ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash sanoati, savdo va xizmatlarga ixtisoslashgan. Turkmanistonda esa O'zbekiston investitsiyalari asosida 12 ta korxona o'z faoliyatini amalga oshirmoqda.
Garchi so'nggi 5-7 yil davomida ikki davlat o'rtasidagi tovar aylanmasi hajmi uch barobardan oshgan bo'lsada, uning hajmi ikki davlatning bugungi kundagi rivojlanish darajasiga mos kelmaydi. Bu borada foydalanilmagan salohiyat va imkoniyatlar mavjud.
Xususan, transport va tranzit sohasi savdo- sotiqni rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi. Hozirda avtomobil va temir yo'llari integratsiyasi yaxshi yo'lga qo'yilgan bo'lsada, so'nggi yillarda O'zbekistondan o'tayotgan yuk aylanmasi hajmi 3 barobarga pasayib ketgan edi. Biroq, shu yilning birinchi yarmida bu borada o'sish kuzatildi va keyingi 2 yil ichida avvalgi ijobiy ko'rsatkichlarni tiklash imkoniyati mavjud. Bunda esa mintaqaviy transport yo'laklari hamda tranzit imkoniyatlaridan unumli foydalanish lozimligi komissiya yig'ilishida alohida qayd etildi. Shu yilning avgust oyida O'zbekiston – Turkmaniston – Eron - Ummon o'rtasida tranzit salohiyatini kengaytirish, yagona tariflar tizimini shakllantirish, bojxona protseduralarini soddalashtirish bo'yicha kelishuv imzolanishi ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, ayni paytda tomonlar o'rtasida boj to'lovlariga tortilmaydigan mahsulotlar ro'yxati ishlab chiqilmoqda.
Yig'ilish doirasida shuningdek, ikki davlat ishbilarmonlari hamkorligi uchun qulay muhit yaratish, qolaversa ilmiy-texnikaviy, madaniy aloqalarni rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilinib, amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Komissiya yig'ilishi yakunida hamkorlikka doir hujjatlarning imzolanishi kutilmoqda.