O'zbekiston banklari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini kredit bilan qo'llab-quvvatlashga 5,1 trillion so'm miqdordagi kreditlarni ajratadi
06.12.2012
2718
2012 yilning 5 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.
Yig’ilish ishida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatini ishga solish, nufus omillarini hamda iqtisodiyotdagi tuzilmaviy o‘zgarishlarni hisobga olgan holda mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, ish bilan bandlikning samarali shakllarini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish, fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish yo‘li bilan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kompleks va o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan 2013-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ko‘rib chiqdilar hamda ma’qulladilar.
Qayd etilishicha dastur Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini, 2009-2012-yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturini, mehnat bozorining joriy hamda istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Dasturning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, u ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ishga joylashtirish, ularni kasbga qayta tayyorlash va ijtimoiy himoya qilish borasida faol va aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga doir tarmoq dasturlarini hisobga olgan holda viloyatlar, tumanlar va shaharlar bo‘yicha alohida-alohida ishlab chiqilgan.
Dasturda 2013-yilda 972,7 mingta ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Bu ish o‘rinlari yangi yirik sanoat ob’ektlarini ishga tushirish, ishlab turgan korxonalarni rekonstruksiya qilish va kengaytirish, kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikni, xizmat ko‘rsatish hamda servis sohalarini rivojlantirishni bundan buyon ham rag‘batlantirish, kasanachilik mehnatini kuchaytirish hisobiga tashkil etiladi. Kasanachilik sohasida ish o‘rinlarining katta qismi milliy hunarmandchilikning an’anaviy markazlari – Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro viloyatlarida tashkil etiladi.
Dasturda olisda joylashgan, shuningdek, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha yetarli darajada rivojlanmagan, ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan tog‘li, chegaraga yaqin 28 ta hududda ish o‘rinlari tashkil etishga alohida e’tibor beriladi. 2013-yilda bu hududlarda kamida 126 mingta yoki 2012-yildagidan besh foiz ko‘p ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilmoqda. Dasturning yana bir ustuvor jihati fuqarolarning ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan toifalarini ishga joylashtirishdan iborat. Nogironlar hamda mehnat bozorida qiyinchilikka duch kelayotgan boshqa shaxslar uchun kamida 100 mingta ish o‘rnini zaxiralash (kvotalash) belgilangan.
Dasturda ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga muhim o‘rin ajratilgan. Bo‘sh va zaxiralanadigan ish o‘rinlari hisobiga kasb-hunar kollejlarining 500 mingdan ziyod bitiruvchisini ishga joylashtirish mo‘ljallangan. Shu maqsadda “kollej – korxona” tizimi bo‘yicha kasb-hunar kollejlariga iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi 90 mingdan ziyod korxona va tashkilot biriktirib qo‘yiladi, bitiruvchilarning ish qidirishga sarflaydigan vaqtini qisqartirish uchun esa barcha yirik shaharlar va tumanlarda kamida 900 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkaziladi. Bundan tashqari, tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchilariga o‘z tadbirkorlik ishini tashkil etishi hamda yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli mikrokreditlar ajratishni davom ettirish nazarda tutilmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini kredit bilan salmoqli ravishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 5,1 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bu kredit mablag‘lari, asosan, olis qishloq tumanlarida va mehnat bozorida vaziyat keskin bo‘lgan hududlarda ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Senatorlarning fikricha, ko‘rib chiqilayotgan Dastur fuqarolarning ishbilarmonlik faolligini bundan buyon ham rag‘batlantirishni, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hamda saqlashga, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarini, shuningdek, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va kengaytirishni hamda boshqalarni nazarda tutad.
UzReport 06.12.2012