Mamlakatimiz bank-moliya tizimining joriy yil 1- yarim yillikdagi faoliyati yakunlari ma'lum qilindi
30.08.2016
3312
Respublika Markaziy bankida bank tizimining 2016-yilning I-yarim yilligidagi faoliyati yakunlari muhokama qilindi. Unda ma'lum qilinishicha, hisobot davrida Markaziy bankning pul-kredit siyosati 2016-yilga mo'ljallangan makroiqtisodiy ko'rsatkichlarning bajarilishiga qaratildi.
Avvalo joriy yilda davlatimiz rahbarining bank tizimini yanada isloh qilish, uning barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishga qaratilgan direktiv hujjatlarida belgilangan vazifalarning ijrosi ta'minlanganligini ko'rish mumkin.
Jumladan, o'tgan vaqt davomida bank tizimining kapitallashuv darajasini oshirish, uning likvidligini yanada mustahkamlash, barqarorligini kuchaytirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada aksariyat yo'nalishlar bo'yicha yuqori ko'rsatkichlarga erishildi. Xususan, tijorat banklarining umumiy kapitali o'tgan yilning 1 iyul holatiga nisbatan 23,3 foiz oshib, 2016-yil 1-iyul holatiga ko'ra, 8,6 trln. so'mni tashkil etdi.
Hisobot davrida bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi belgilangan xalqaro me'yorlardan 3 barobarga ko'p bo'ldi. Bank aktivlari o'tgan yilnin 25,1 foiz o'sib, bugungi kunda 73,4 trln. so'mga yetdi.
Yarim yillik ko'rsatkichlar shuningdek, moliya muassasalarining kreditlari mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda katalizator vazifasini bajarayotganligini isbotlamoqda. Masalan hisobot davrida iqtisodiyotning real sektoriga yo'naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi o'tgan yilning 1 iyul holatiga nisbatan 26,2 foiz ko'paygan va 2016-yilning 1-iyul holatiga ko'ra, 48 trln. so'mdan oshgan.
Investitsiya maqsadlariga ajratilgan investitsion kreditlari hajmi esa 5,8 trln. so'mni tashkil qildi va bu ko'rsatkich 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,2 barobar ko'p bo'ldi. Bundan tashqari, o'tgan olti oy davomida xususiy sektorga ajratilgan kreditlarda ham o'sish dinamikasi kuzatildi. Xususan, tadbirkorlikka 8,3 trln. so'm miqdorida kreditlar yo'naltirildi. Bu 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko'p degani.
Tijorat banklarining resurs bazasini ko'paytirish bo'yicha amalga oshirilayotgan izchil choralar banklarning jami depozitlari miqdori yildan yilga oshib borishiga sharoit yaratmoqda. Xususan, ushbu ko'rsatkich 2015-yilning shu davriga nisbatan 27,7 foiz o'sib, hozirgi kunda 40,1 trln. so'mni tashkil etmoqda. Hisobot yilida moliyaviy xizmatlar tarkibida, bevosita bank xizmatlarining ulushi 87 foizga yetib, bu ko'rsatkich ham o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 barobardan ziyodga oshganligini ko'rish mumkin.
Manba: uzreport.uz