MAXFIYLIK SIYOSATI
«Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati
«Milliy» va «Milliy Business» mobil ilovalarining
MAXFIYLIK SIYOSATI
I. Kirish
«Milliy» va «Milliy Business» mobil ilovalarining ushbu Maxfiylik siyosati (bundan buyon matnda – Siyosat) «Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon matnda – Bank) tomonidan qo‘llaniladi va Foydalanuvchi «Milliy» va/yoki «Milliy Business» mobil ilovalaridan (bundan buyon birgalikda – Ilova) foydalanish jarayonida Bank Foydalanuvchi qurilmasi(lari)dan olishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga nisbatan amal qiladi. Siyosatda Bank Foydalanuvchi tomonidan Ilovadan foydalanish davomida taqdim etilgan ma’lumotlarni qanday to‘plashi, ishlatishi, uchinchi shaxslarga taqdim etishi va himoya qilishi tavsiflangan.
Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlash Bank tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-sonli «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 530-II-sonli «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 25-apreldagi 216-I-sonli «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuniga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek Bank va Foydalanuvchi o‘rtasida tuzilgan kompleks bank xizmati ko‘rsatish shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Mazkur Siyosat talablari korrupsiyaviy huquqbuzarliklar, manfaatlar to‘qnashuvi hamda ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday harakat (harakatsizlik)larni sodir etishni taqiqlaydi.
Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlash uning roziligi asosida amalga oshiriladi; rozilik Ilovadan birinchi marta foydalanilganda yoki ro‘yxatdan o‘tish jarayonida faol harakatni sodir etish orqali ifodalanadi. Ilovadan foydalanishni davom ettirishning o‘zi rozilik hisoblanmaydi. Foydalanuvchi mazkur Siyosatning VI-bo‘limida nazarda tutilgan tartibda istalgan vaqtda rozilikni qaytarib olishga haqli. Agar Foydalanuvchi mazkur Siyosat shartlariga rozi bo‘lmasa, u Ilovadan foydalanishdan voz kechishi lozim.
«Milliy» ilovasi va uning doirasidagi xizmatlar jismoniy shaxslarga Bankdagi jismoniy shaxslarga kompleks bank xizmati ko‘rsatish shartnomasi (ofertasi) asosida taqdim etiladi. «Milliy Business» ilovasi va uning doirasidagi xizmatlar yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga Bankdagi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga kompleks bank xizmati ko‘rsatish shartnomasi asosida taqdim etiladi.
II. To‘planadigan ma’lumotlar
2.1. Shaxsga doir ma’lumotlar:
Bank jismoniy shaxs bo‘lgan Foydalanuvchining quyidagi shaxsga doir ma’lumotlarini to‘plashi mumkin:
● Foydalanuvchining familiyasi, ismi, sharifi;
● tug‘ilgan sanasi va tug‘ilgan joyi;
● JSHSHIR;
● shaxsni tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari, pasport seriyasi va raqami, ID karta raqami;
● Foydalanuvchining STIR raqami;
● doimiy yashash manzili, doimiy va/yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish manzili;
● telefon raqami va elektron pochta manzili.
Bank yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan Foydalanuvchining quyidagi ma’lumotlarini to‘plashi mumkin:
● yuridik shaxsning nomi yoki yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, sharifi;
● yuridik va pochta manzillari;
● yuridik shaxsning STIR raqami yoki yakka tartibdagi tadbirkorning JSHSHIR raqami;
● vakillari va vakolatli shaxslarining shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlari;
● Ilova orqali bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan Foydalanuvchi o‘z vakillari va xodimlarining shaxsga doir ma’lumotlarini Bankka ularni uzatish uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda taqdim etadi.
2.2. Moliyaviy ma’lumotlar:
Ilova orqali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish uchun Bank quyidagi ma’lumotlarni to‘plashi mumkin:
● bank hisobvarag‘i(lari) haqidagi ma’lumotlar;
● tranzaksiyalar haqidagi ma’lumotlar;
● kredit tarixi va boshqa moliyaviy ma’lumotlar;
● omonatlar bo‘yicha ma’lumotlar;
● Ilovadan foydalangan holda amalga oshirilgan xaridlar haqidagi ma’lumotlar;
● Ilovaga kiritilgan (qo‘shilgan) boshqa banklar kartalari bo‘yicha balans va tranzaksiyalar haqidagi ma’lumotlar – Foydalanuvchining alohida roziligi asosida.
2.3. Qurilma haqidagi ma’lumot:
Bank Ilova o‘rnatilgan qurilma haqida quyidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda to‘playdi:
● qurilma modeli;
● operatsion tizim;
● Ilova versiyasi;
● IP-manzil;
● qurilmaning noyob identifikatori.
2.4. Joylashuv haqidagi ma’lumot:
Bank Foydalanuvchiga joriy joylashuvi bilan bog‘liq kontentni taqdim etish, shuningdek bank operatsiyalari doirasida xavfsizlik va joylashuvni nazorat qilishni ta’minlash maqsadida GPS va boshqa texnologiyalardan foydalangan holda Foydalanuvchining joylashuvi haqida ma’lumot to‘plashi mumkin. Joylashuv ma’lumotlariga kirishga ruxsat berilmagan taqdirda Ilovaning asosiy funksiyalari saqlanib qoladi.
2.5. Biometrik ma’lumotlar:
Mijozni masofadan identifikatsiya qilish hamda Ilovaga kirishda autentifikatsiya maqsadida Bank Foydalanuvchining biometrik ma’lumotlarini uning alohida roziligi asosida va qonunchilikda belgilangan tartibda qayta ishlashi mumkin. Qurilmaning biometrik autentifikatsiya vositalari (Face ID, Touch ID va shu kabilar) tomonidan qo‘llaniladigan biometrik namunalar qurilmaning operatsion tizimida saqlanadi va Bankka uzatilmaydi.
2.6. Ma’lumotlarni to‘plash usullari:
Bank shaxsga doir ma’lumotlarni quyidagi usullarda to‘playdi: Foydalanuvchi tomonidan ro‘yxatdan o‘tish, identifikatsiya, ariza va murojaatlarni rasmiylashtirish hamda operatsiyalarni amalga oshirish jarayonida bevosita taqdim etilishi; Ilovadan foydalanish davomida avtomatik tarzda shakllanishi (qurilma haqidagi ma’lumotlar, texnik jurnallar, nosozliklar to‘g‘risidagi hisobotlar va foydalanish statistikasi); qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat axborot tizimlaridan va uchinchi shaxslardan olinishi.
III. To‘plangan ma’lumotlardan foydalanish
3.1. Bank Foydalanuvchi haqida to‘plangan ma’lumotlardan quyidagi maqsadlarda foydalanadi:
● mobil ilova orqali bank xizmatlarini, jumladan o‘tkazmalar, to‘lovlar va hisoblarni boshqarishni taqdim etish;
● Foydalanuvchining mablag‘lari va hisob yozuvi xavfsizligini ta’minlash, firibgarlik holatlarining oldini olish;
● O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq huquqiy talab va majburiyatlarga rioya qilish.
Foydalanuvchining alohida roziligi mavjud bo‘lganda Bank ma’lumotlardan shaxsiylashtirilgan takliflar va reklama xarakteridagi xabarlarni taqdim etish maqsadida ham foydalanadi. Foydalanuvchi bunday xabarlarni olishdan Ilova sozlamalari orqali istalgan vaqtda voz kechishi mumkin; bu bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini cheklamaydi.
3.2. Mazkur Siyosatning 3.1-bandida ko‘rsatilgan maqsadlarda Bank shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga maxfiylik va shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishni ta’minlash, qayta ishlash maqsadlarini cheklash hamda zarur himoya choralarini qo‘llash bo‘yicha majburiyatlarni o‘z ichiga olgan shartnomalar tuzilgan tashkilotlarni (davlat va vakolatli organlarni) qonunchilikda belgilangan tartibda jalb qilishga haqli. Bunday tashkilotlarga, xususan, quyidagilar kiradi:
● SMS-xabarlar va push-bildirishnomalarni tarqatish xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar;
● axborot texnologiyalari, xosting va analitika sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar;
● to‘lov tizimlari va protsessing markazlari;
● O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun ishtiroki zarur bo‘lgan boshqa tashkilotlar.
Tashkilotlarga uzatiladigan shaxsga doir ma’lumotlar hajmi tegishli qayta ishlash maqsadiga erishish uchun zarur bo‘lgan hajm bilan cheklanadi. Bank shaxsga doir ma’lumotlarni faqat shartnoma asosida ularni mazkur Siyosatda va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan darajada yoki undan yuqori darajada himoya qilish majburiyatini olgan hamda ma’lumotlardan boshqa maqsadlarda foydalanmaslikka majbur bo‘lgan tashkilotlarga taqdim etadi. Ilovadan foydalanish bo‘yicha shaxssizlantirilgan ma’lumotlarni Ilova ishini yaxshilash maqsadida tashkilotlarga taqdim etish ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Bank Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga tijorat maqsadida uzatmaydi, shu jumladan ularni sotmaydi, almashtirmaydi va uchinchi shaxslarning reklamasi maqsadida taqdim etmaydi.
3.3. Shaxsga doir ma’lumotlar Bank va u bilan hamkorlik qilayotgan tashkilotlarning (davlat va vakolatli organlarning) resurslarida Bank va Foydalanuvchi o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar amal qilish muddati davomida, shuningdek ular tugatilgandan keyin besh yil davomida saqlanadi, agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida uzoqroq saqlash muddati belgilanmagan bo‘lsa. Belgilangan muddatlar o‘tgach, shaxsga doir ma’lumotlar yo‘q qilinadi yoki shaxssizlantiriladi.
Ilovaning o‘chirilishi va (yoki) bank hisobvaraqlarining yopilishi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan Bank zimmasiga saqlash majburiyati yuklatilgan shaxsga doir ma’lumotlarning o‘chirilishiga olib kelmaydi.
IV. Ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etish
4.1. O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga muvofiq, Bank Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga faqat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda hamda quyidagi holatlarda taqdim etishga haqli:
● Foydalanuvchining roziligini bildiruvchi hujjat asosida;
● Ilova orqali Foydalanuvchiga bank mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etish uchun zarur bo‘lganda – shartnomani ijro etish uchun zarur bo‘lgan hajmda;
● vakolatli davlat organlari yoki sudning qonuniy talabiga asosan – O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 530-II-sonli «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunida belgilangan tartibda;
● O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
V. Ma’lumotlar xavfsizligi
5.1. Bank Foydalanuvchining shaxsga doir ma’lumotlarini g‘ayriqonuniy kirish, foydalanish, o‘zgartirish va tarqatishdan himoya qilishni ta’minlaydi hamda buning uchun zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni, jumladan ma’lumotlarni uzatish va saqlashda zamonaviy shifrlash usullarini qo‘llaydi. Bank o‘z infratuzilmasining axborot xavfsizligi holati uchun javobgardir.
5.2. Foydalanuvchi o‘zi foydalanadigan qurilma va Ilovaga kirish vositalari (login, parol, bir martalik tasdiqlash kodlari va boshqa identifikatsiya vositalari)ning himoyasini, shu jumladan zararli dasturiy ta’minotdan himoyasini mustaqil ravishda ta’minlaydi, shuningdek proksi-serverlar va umumfoydalanish Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanish bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni o‘z zimmasiga oladi.
5.3. Bank Foydalanuvchi ma’lumotlarining uchinchi shaxslarga oshkor bo‘lishi uchun quyidagi holatlarda javobgar hisoblanmaydi:
● Foydalanuvchining roziligi yoki tashabbusi bilan ma’lumotlar taqdim etilganda;
● O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq vakolatli davlat organlari yoki sudning qonuniy talabiga asosan ma’lumotlar taqdim etilganda;
● ma’lumotlar Foydalanuvchining o‘zi tomonidan oshkor qilinganda yoki uchinchi shaxslarga taqdim etilganda;
● Foydalanuvchi tomonidan shaxsiy kabinetga kirish vositalarining saqlanishi bo‘yicha talablarga rioya etilmaganligi oqibatida ma’lumotlar uchinchi shaxslar ixtiyoriga o‘tib ketganda;
● Bankka bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra axborot-kommunikatsiya tarmoqlari, dasturiy ta’minot yoki uchinchi shaxslar axborot tizimlarida yuzaga kelgan texnik nosozliklar, kiberhujumlar yoxud boshqa yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari natijasida ma’lumotlar oshkor bo‘lganda;
● O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yoki Bank bilan Foydalanuvchi o‘rtasidagi kelishuvda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
VI. Foydalanuvchining huquqlari va nazorat
6.1. Foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
● o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlash to‘g‘risida, shu jumladan qayta ishlash maqsadlari, muddatlari va huquqiy asoslari haqida ma’lumot olish;
● o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga kirish, ularni yangilash va tuzatish;
● o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini o‘chirishni talab qilish;
● shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga ilgari berilgan rozilikni qaytarib olish;
● reklama va marketing xabarlarini olishdan voz kechish;
● shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashda Bankning harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.
6.2. 6.1-bandda ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha murojaatlar Ilova orqali, Bankning istalgan ofisiga yoki mazkur Siyosatning VIII-bo‘limida ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga yuboriladi. Murojaat O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan muddatda ko‘rib chiqiladi.
6.3. Ilovaning o‘chirilishi shaxsga doir ma’lumotlarni o‘chirish to‘g‘risidagi murojaat hisoblanmaydi. Shaxsga doir ma’lumotlarni o‘chirish uchun Foydalanuvchi mazkur Siyosatning 6.2-bandida nazarda tutilgan tartibda Bankka murojaat yuborishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan Bank zimmasiga saqlash majburiyati yuklatilgan shaxsga doir ma’lumotlar belgilangan muddatlar davomida saqlanadi va ular o‘tgach o‘chiriladi.
6.4. Murojaatni ko‘rib chiqish natijasiga rozi bo‘lmagan taqdirda, Foydalanuvchi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga yoki sudga murojaat qilishga haqli.
6.5. Foydalanuvchi hisob yozuvini va shaxsga doir ma’lumotlarini o‘chirish to‘g‘risidagi so‘rovni bevosita Ilova orqali, uning sozlamalar bo‘limidan yuborishi mumkin. So‘rov O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan muddatda ko‘rib chiqiladi. So‘rov qanoatlantirilgach, Foydalanuvchining hisob yozuvi yopiladi va uning shaxsga doir ma’lumotlari o‘chiriladi, bundan mazkur Siyosatning 3.3-bandiga muvofiq saqlanishi shart bo‘lgan ma’lumotlar mustasno; bunday ma’lumotlar belgilangan muddatlar o‘tgach o‘chiriladi yoki shaxssizlantiriladi.
6.6. Foydalanuvchi shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlashga, shu jumladan biometrik ma’lumotlarni qayta ishlashga va reklama xarakteridagi xabarlarni olishga bergan roziligini Ilovaning sozlamalar bo‘limi orqali yoki mazkur Siyosatning 6.2-bandida ko‘rsatilgan kanallar orqali istalgan vaqtda qaytarib olishga haqli. Rozilikning qaytarib olinishi ushbu rozilik qaytarib olingunga qadar amalga oshirilgan qayta ishlashning qonuniyligiga ta’sir qilmaydi.
6.7. Ilova O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tegishli bank shartnomasini tuzish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan. Bank o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarini ularning qonuniy vakilining roziligisiz bila turib to‘plamaydi. Bunday ma’lumotlar to‘plangani aniqlangan taqdirda, ular o‘chirilishi ta’minlanadi.
VII. Maxfiylik siyosatiga o‘zgartirishlar kiritish
7.1. Bank mazkur Maxfiylik siyosatiga o‘zgartirishlar kiritish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Siyosatning amaldagi tahriri, tasdiqlangan sanasi va kuchga kirish sanasi ko‘rsatilgan holda, Bankning rasmiy veb-saytida (www.nbu.uz) hamda Ilovada joylashtiriladi va cheklovsiz foydalanish uchun ochiq bo‘ladi. Foydalanuvchining huquqlariga daxldor o‘zgartishlar to‘g‘risida Bank ular kuchga kirish kunidan kamida 10 (o‘n) kalendar kun oldin Ilova orqali xabardor qiladi.
VIII. Kontaktlar
8.1. Agar Foydalanuvchida mazkur Siyosatga oid savol yoki takliflar bo‘lsa, Bank bilan quyidagi rekvizitlar orqali bog‘lanish mumkin:
● «Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» aksiyadorlik jamiyati;
● STIR 200836354;
● Bankning yuridik manzili: 100084, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi, 101-uy;
● Aloqa markazi: 1344, +998 78 148-00-10;
● Ishonch telefoni: +998 78 147-15-04;
● jismoniy shaxslar murojaatlari uchun elektron pochta: support@nbu.uz;
● shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash masalalari bo‘yicha murojaatlar uchun elektron pochta: webmaster@nbu.uz; support@nbu.uz; info@nbu.uz.
● yuridik shaxslar murojaatlari uchun elektron pochta: support_business@nbu.uz;
● rasmiy veb-sayt: www.nbu.uz.